Chet el universitetini qanday tanlash kerak?

Mundarija:

  1. Ekspertlar nima deydi?
  2. Pul, pul, pul.
  3. Dasturlar.
  4. Shaxsiy rivojlanish.
  5. Siz “muhim emas” deb o'ylagan omillar.
  6. Statistika.
  7. Qanday qilib hamma narsani hisobga olish mumkin? 

Dunyoning nafaqat bugungi ko’rinishi, balki kelajakda qanday tus olishi haqida o’ylamasdan turib, hech qanday oqilona qaror qabul qilib bo’lmaydi. 

~ Isaak Azimov

Texnologiyalar rivojlanayotgan asrda yashamoqdamiz. ChatGTP kabi sun’iy intellekt ilovalari deyarli har jabhada inson mehnatini yengillashtirmoqda. Ammo bu sizni xavotirga ham solishi tayin: endi u sizga “raqobatchi”. Kreativ fikrlaydigan mutaxassilargina endi bu raqobatga bardosh bera oladi. Demak, siz universitet tanlashingizdan oldin har tomonlama kelajakda qanday mutaxassis bo’lib yetishishingizni o’ylashingiz kerak. “O’zbekistonlik talabalarga chetda o’qish uchun top davlatlar” nomli maqolamizda siz qaysi davlatda o’qishni davom ettirishingiz kerakligi haqida fikr yuritgan edik. Quyida keltirib o’tmoqchi bo’lgan asosiy omillar esa tanlov qilishda adashmasligingizga yordam beradi.

Ekspertlar nima deydi?

Ushbu maqolani tayyorlash maqsadida Irlandiyada istiqomat qiluvchi o’zbekistonlik hamyurtimiz Babayev Shahboz bilan suhbat qurdik. Yoshligidanoq Malayziya, Misr, Xitoy, Buyuk Britaniya va boshqa ko’plab mamlakatlarda bo’lgani bois, ularning madaniyati, iqtisodiy tuzilishi hamda ta’lim tizimini yaqindan o’rgangan. Hozirda esa Irlandiyadagi Shennon texnologiyalar universitetida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritmoqda.

Uning fikricha, akademik nuqtayi nazardan qaraydigan bo’lsak, universitet sizning yo’nalishingiz bo’yicha sifatli ta’lim berishi muhim. Bitirgandan so’ng olgan diplomingiz qay darajada imkoniyatlar eshigini ochib berishi haqida o’ylashingiz kerak ekan. Unutmangki, ba’zi davlatlarda ham ishlab, ham o’qishga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, shahar hududi qanchalik yashash uchun qulay va xavfsiz kabi savollarga javob izlab ko’ring.

Pul, pul, pul

Tanlov qilishdagi hal qiluvchi birinchi omil — bu moddiy sharoitingiz. Ammo siz nafaqat o’quv mashg’ulotlariga, balki umumiy holda horijda qancha pul sarflashingizni hisoblashingiz kerak.

  1. Yashash narxi. Nyu-Yorkda yashash narxi, aytaylik, Dublinda yashash narxidan sezilarli darajada farq qiladi. Yashash narxini o’rganish orqali siz oziq-ovqat va ijaraga sarflaydigan pulingizni hisobga olishingiz mumkin.
  2. Uyga sayohat narxi. Yashash joyingizdan uzoqroqda, ya’ni horijdagi universitetda o’qiyotganingizda uyga borish uchun samolyot yoki poezd chiptalariga pul sarflashingiz kerakligini ham yodda tuting.
  3. Talabalar shaharchasida yoki tashqarida turar joy. Ba’zi universitetlar sizdan ma’lum yillar davomida kampusda yashashingizni talab qiladi. Talabalar shaharchasidagi turar joy qulayroq bo’lsa-da, ko’pincha kampusdan tashqaridagi uylarga qaraganda qimmatroq. Kampusda qancha vaqt yashashingiz kerakligini tekshiring.
  4. Grantlar. Agar siz biror universitetni tanlagan bo’lsangiz, lekin moliyaviy tomondan cheklangan bo’lsangiz, universitet tomonidan taklif qilinadigan maxsus stipendiyalarni ko’rib chiqing. Har bir universitet o’z stipendiyalariga ega. Ularning ko’pchiligi reklama qilinmaydi, ammo xarajatlarni qoplashga yordam beradi.
  5. Ishda o’qish va kampusda ish bilan ta’minlash imkoniyatlari. Universitet qanday qilib Work-Study ishga joylashish imkoniyatlarini taqdim etadi va siz kampusda (universitet hududi) qaysi sohalarda ishlashingiz mumkinligini bilib oling. Ish-studiya dasturi orqali ishlash yoki kampusda ishlash sizga martaba imkoniyatlarini taqdim etish bilan birga o’qishingiz uchun pul to’lashga yordam beradi.

Dasturlar

Hali nimani xohlayotganingizni bilmayapsizmi? Siz ko’proq gumanitar fanlarga qiziqasizmi yoki tadqiqot qilishni xohlaysizmi? Kuchli fakultetni qidiryapsizmi? Hammasi joyida. Universitetdagi dasturlarning umumiy yo’nalishi qaror qabul qilishingizga yordam beradi.

  1. STEM (Science, Technology, Engineering and Maths) — aniq fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika fanlarini aralash ta’lim modelida birlashtirgan dasturdir.
  2. Liberal arts (Liberal san’at) — gumanitar fanlar, ijtimoiy fanlar, fizika va matematika kabi liberal fanlarning bir nechta sohalarini o’z ichiga oladigan darstur. Oliy o’quv yurtlarida o’qish davomida talabalar qaysidir toifaga kiruvchi mutaxassisliklarni tanlashlari mumkin.
  3. Universitet obro’si va ixtisoslik — universitetning dunyo miqyosidagi obro’si baland bo’lishi, deylik TOP-10 talik qatoridan joy egallagani, aynan siz tanlagan yo’nalishda sifatli ta’lim bo’lishiga kafolat bermaydi. Nufuzi pastroq, ammo o’z sohalarida taniqli bo’lgan maxsus dasturlarga ega universitetlar ham bor. Buni bilish uchun soha bo’yicha erishilgan yutuqlarini ko’rib chiqing.
  4. Network yoxud kuchli aloqalar — turli mamlakatlardan tashrif buyurgan, grantlar yutgan va iqtidorli insonlar bilan tanishar ekansiz, universitetni bitirgandan so’ng ham aloqalarni saqlab qolishingiz kerak. Qaysi dastur va universitet bitiruvchilari tarmoqlari kuchli? Ilmiy konferensiyalar va forumlar o’tkazishda faolmi? Professor va o’qituvchilar bilan munosabatlar universitetdan keyin ish qidirishingizda sizga qanday yordam berishi mumkin?

Shaxsiy rivojlanish

Universitet — bu o’sish davri. Bu sizning dunyoqarashingizni kengaytiradigan, o’zingizni anglab yetadigan va “yangidan” kashf etadigan payt. Qayerda o’qishni tanlayotganingizda, kelajakda qanday qilib muvaffaqiyatga erishishingiz haqida o’ylab ko’ring.

  1. Muhit xilma-xilligi. Horijda tahsil olmoqchi ekansiz, yangi tanishlar orttirishni va o’z “qobig’ingiz”dan chiqib, turli fikrlar doirasiga qo’shilishni maqsad qiling. Aksincha, u yerda sizga o’xshash talabalar ko’p bo’lsa, emotsional intellektingizni oshirishingiz ham sekinlashadi.
  2. Amaliyot. Siz o’quv yilida yoki yozda stajyor sifatida qimmatli tajribaga ega bo’lishingiz mumkin. Universitetingiz talabalarga mahalliy kompaniyalar bilan bog’lanish kabi stajirovkalarni topishga yordam beradigan resurslarga ega yoki yo’qligini bilib oling.
  3. Ijtimoiy muhit. Har bir universitet tashqaridan qaraganda ajoyib ko’rinadi. Lekin o’sha yerda o’qiydigan talabalar fikrini bilish uchun vaqt ajrating. Ular universitet o’qituvchilari tomonidan qo’llab-quvvatlanayotganini his qildilarmi? Jamiyati qanday? Bu joy sizni muvaffaqiyatga qanchalik undaydi va qanchalik siz motivatsiya olasiz?
  4. Professorlar. Har bir universitetga qaysi ma’ruzachilar, mehmon professorlar va muvaffaqiyatli insonlar tashrif buyurganini bilib oling. Universitet o’z talabalari bilan muloqot qilish uchun iqtidorli va qiziqarli odamlarni taklif qiladimi?
  5. Darsdan tashqari tadbirlar . Talabalar tashkilotlari va loyihalarini ko’rib chiqing, amaliy jihatdan nimalar bilan shug’ullanish imkoni mavjud?

Siz “muhim emas” deb o’ylagan omillar

Bu so’nggi bir nechta maslahatlar biroz ahmoqona tuyulishi mumkin, ammo ular sizning kundalik hayotingizga va ruhiy salomatligingizga katta ta’sir ko’rsatadi. Ularni e’tobordan chetda qoldirmang!

  1. Mahalliy hudud. Universitet kichik va sokin joyda joylashganmi, yoki katta va shovqinli shaharda? Ko’chada yurganingizda qanchalik xavfsiz?U ko’ngilochar maskanlardan uzoqdami? Yaqin atrofda tog’lar yoki plyaj bormi? Shahar atrofi siz darsda bo’lmagan vaqtingizda dam olish yoki boshqa sabablar uchun foydalaniladigan hudud. Siz buning ahamiyati yo’q deb o’ylashingiz mumkin, lekin umringizning bir qismini o’zingizga yoqmagan shaharda o’tkazishga to’g’ri kelib qolmasin.
  2. Til. Ko’pgina universitetlar chet ellik talabalar uchun taqdim etadigan ta’lim dasturlari ingliz tilida. Ammo shunday yo’nalishlar ham borki, u yerda yana boshqa tillarni ham talab qilishadi. O’qishdan tashqari siz mahalliy aholi bilan aloqaga kirishasiz, ko’chada, yo’lda, magazinda va hokazo. Ko’r-ko’rona “borib-olay, keyin bir gap bo’lar” qabilidagi fikrlarni unuting.
  3. Ob-havo. Siz sovuq yoki juda issiq sharoitga qanchalik moslasha olasiz? Balki, doimiy ravishda yomg’irli va bulutli bo’ladigan iqlim ruhiy salomatligingizga salbiy ta’sir ko’rsatar. O’sha yerda yashab keta olishingizga ishonch hosil qiling!
  4. Sport. Agar siz sportni yaxshi ko’rsangiz, sport jamoalariga ega va turli musobaqalarda qatnashib kelayotgan universitetni tanlashingiz mumkin. O’zingizga nisbatan haqqoniy bo’ling.
  5. Ovqatlanish. Siz maxsus dietaga amal qilasizmi? Balki tanlagan davlatingizda halol mahsulotlar topish imkoniyati qiyindir? Ovqatlanish bo’yicha qanday cheklovlarga duch kelishingizni tekshirib ko’ring.
  6. Avtomobil va jamoat transporti. Jamoat transporti qay darajada takomillashgan? Agar mashinangiz bo’lsa, universitet sizga kampusda mashinaga ega bo’lishga ruxsat beradimi? Avtoturargoh bormi?

Statistika

Agar tanlovda qiynalayotgan bo’lsangiz, butun dunyo aholisiga tegishli bo’lgan statistikani ko’rib chiqishni tavsiya etamiz.

Yillar davomida AQSh davlati ta’lim dasturlari dunyoda mashhurlikni ushlab kelmoqda. Mamlakatning nufuzli institutlari va jahon universitetlari reytingida yetakchilik qilib, akademik yuksaklikka butun dunyodan talabalarni jalb qiladi. Siz qayerda o’qishni rejalashtirishdan oldin chet ellik talabalarning qabul qilinish ko’rsatkichlarini ham solishtiring.

Manba: Project Atlas, 2020

Qanday qilib hamma narsani hisobga olish mumkin?

Bu omillarning barchasini hisobga olish mushkul ekanligini bilamiz. Haqiqat shundaki, sizga to’liq mos keladigan universitet yo’q. Agar siz moslashuvchan va o’rganishga tayyor bo’lsangiz, deyarli hamma joyda ajoyib tajribaga ega bo’lish imkoniyatingiz mavjud. 

Eslatma!

Ushbu maqolamiz orqali sizga, o’zbekistonlik talabalarga xorijdagi universitetlarga hujjat topshirishdan oldin bilishingiz zarur bo'lgan ma’lumotlarni bera oldik degan umiddamiz.

Agar maqola foydali bo’lgan bo’lsa, uni do’stlaringiz bilan ulashishni ham unutmang!

©️ GrantGO saytida e’lon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va ko’chirish mumkin emas!

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar