PhD nima? O'zbekiston va xorijdagi PhD dasturlari haqida

 

Xorijda oʻqish uchun grantlar qidirganimizda yoki taʼlimga oid maqolalar oʻqiganimizda PhD degan soʻzga koʻzimiz tushadi. Bugungi maqolamizda PhD nima ekanligi va unga doir boshqa foydali maʼlumotlar bilan boʻlishamiz. Umid qilamizki, bu maʼlumotlar kelajakda PhD darajasini olmoqchi boʻlgan va bu ilmiy daraja haqida batafsil bilmoqchi boʻlgan oʻquvchilarimizga foydali boʻladi.

PhD (Doctor of Philosophy) - bu “falsafa doktori” darajasi boʻlib, butun dunyo universitetlari tomonidan beriladigan ilmiy darajadir. Jahon miqyosida olib qaralganda, PhD akademik faoliyat davomidagi eng yuqori ilmiy daraja hisoblanadi (O'zbekiston miqyosida PhD darajasidan so'ng DsC darajasi olinishi lozim) va odatda uni tugatish uchun bir necha yillik oʻqish va tadqiqot talab etiladi. PhDning jamiyat uchun foyda keltiradigan asosiy maqsadi bu maʼlum bir soha bo'yicha chuqur ilmiy tadqiqot olib borib, topilgan ilmiy yechimlar asosida mavjud muammolarga yechim taklif qilish, yangi bilim va tajribalarni rivojlantirishdir.

PhD dasturi davomida qilingan tadqiqot ilmiy ish mavzusi boʻyicha umumiy bilimlarning yanada boyishiga hissa qoʻshishi kerak, shuningdek, uning yana bir talabi tadqiqot natijalari ilmiy jurnallarda chop etilishi kerak.

PhD akademik faoliyatning magistratura bosqichidan keyin keladigan qismi hisoblanadi. Magistratura va PhD oʻrtasidagi asosiy farq shundaki, magistrlik darajasi birinchi navbatda kasbiy va boshlang'ich tadqiqotga yo'naltirilgan bilimlarga qaratilgan boʻlsa, PhD esa chuqur ilmiy tadqiqotlar va yangi bilimlarni kashf qilishga qaratilgan. Bundan tashqari, odatda magistratura 1-2 yil davom etadi, PhD bosqichi esa izlanuvchining maqsadlari va tanlagan sohasiga qarab taxminan 3 yildan 5-7 yilgacha davom etadi. 

PhD (falsafa fanlari doktori) va DSc (Fan doktori) oʻrtasida qanday farq bor ?

 DSc yoki Fan doktori alohida ilmiy daraja boʻlib, O'zbekistonda u PhD'dan keyingi ilmiy daraja hisoblanadi. Yurtimizda Doctor of Science darajasini olish uchun alohida dissertatsiya yoqlash talab qilinadi. Xorij universitetlarida esa odatda tajribali mutaxassislarga yoki oʻz sohasiga katta hissa qoʻshgan olimlarga bu daraja ilmiy ishsiz ham beriladi. 

O'zbekistonda PhD yoqlash

2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ikki bosqichga boʻlingan boʻlib, bu boshlangʻich doktorantura (fan sohasidan kelib chiqqan holda dissertatsiyani himoya qilish va falsafa doktori ilmiy darajasi — PhD'ni olish) va doktoranturani (dissertatsiya himoyasi hamda fan doktori ilmiy darajasi — Doctor of Science, ScD ni olish) oʻz ichiga oladi. Prezident farmoniga muvofiq, PhD darajasi magistr darajasi yoki oliy maʼlumotga (mutaxassisliklar dasturlari boʻyicha) yoki klinik ordinaturani (tibbiyot fanlari uchun) tamomlagan va dissertatsiyani himoya qilgan shaxslarga beriladi. DSc darajasi esa fan nomzodi yoki xorijiy davlatlarda olingan PhD darajasiga ega hamda dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga beriladi. Yaʼni, oliy taʼlimdan keyingi 2 bosqichli taʼlimda PhD 1-bosqich hisoblansa, DSc 2-bosqich hisoblanadi.

Bundan tashqari, xorijda TOP-300 ro'yxatiga kirgan universitetlarda PhD yoqlagan tadqiqotchilarga O'zbekistonda birdaniga DSc darajasi beriladi.

PhD darajasiga ega xodimlarga qoʻshimcha haq beriladimi?

Oʻzbekistonda turli xil universitetlarda PhD darajasiga ega professor-oʻqituvchilar uchun turli miqdorda har oy qoʻshimcha haq toʻlanadi.

Vazirlar mahkamasi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston PhD darajasini qoʻlga kiritgan xodimlar, shuningdek xorijda unga teng darajadagi ilmiy darajani qoʻlga kiritgan xodimlarga maoshi miqdorining 30% igacha miqdorda qoʻshimcha haq toʻlanadi. Qoʻshimcha haq miqdori DSc (fan doktori) darajasiga ega xodimlar uchun 60%gacha qilib belgilangan.

Masalan, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab, davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga tibbiyot sohasidagi ilmni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasini inobatga olgan holda, Fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qoʻshimcha haq toʻlanadi. (Shuningdek, Fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha haq toʻlanadi).

Oʻzbekistonda Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim (PhD va DSc)ga qoʻyiladigan davlat talablari

Oʻzbekistonda PhD darajasiga ega boʻlish uchun bir necha shartlar mavjud. Bulardan asosiysi nomzod PhD darajasiga ega boʻlishi uchun avval OTM yoki Ilmiy-tadqiqot muassasasiga tayanch doktorant, doktorant yoki mustaqil izlanuvchi sifatida qabul qilinishi kerak. Bularga qabul qilinishdan avval esa nomzod bakalavr va magistraturani tugatgan boʻlishi lozim.

Lex.uzʼga koʻra, PhD (doktorantura) bosqichiga qabul qilinish uchun quyidagi talablarga javob berilishi kerak:

  • Magistr darajasi yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun),yoki oliy maʼlumot (mutaxassislik dasturlari boʻyicha) toʻgʻrisidagi diplomga ega boʻlish;
  • Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan muayyan ilmiy natijalarga, shu jumladan, ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida bitta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlarda, tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida kamida ikkita tezisga ega boʻlish;
  • Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka ikki yildan kam boʻlmagan ilmiy-pedagogik stajga yoki aniq ilmiy yutuqqa (ixtiroga patent yoki mualliflik guvohnomasi) ega boʻlgan shaxslar rasmiylashtiriladi.

Yuqoridagi talablarni bajarib, muassasaga qabul qilingan nomzod muddat oxirida oʻz ilmiy ishini himoya qilganidan soʻng PhD darajasiga ega boʻladi.

Oʻzbekistonda kimlarga dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin?

Tadqiqotlar amalga oshirilgan muassasa xulosasi va Ilmiy kengash taqdimnomasi asosida OAK Rayosati qarori bilan, istisno tariqasida, quyidagilarga dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin:

fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan kamida uchta ixtiro yoki seleksiya yutug‘i muallifiga fan doktori (DSc) ilmiy darajasi;

fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan uchtagacha ixtiro yoki seleksiya yutug‘i muallifiga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi;

salmoqli ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda kamida 12 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 8 ta) ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga, eksperiment tariqasida, fan doktori (DSc) ilmiy darajasi (ilmiy natijani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha talablar bajarilgan holda).

Xorijda PhD yoqlash

Ayni vaqtda Oʻzbekistonda xorijda, yuqori reytingli universitetlarda PhD yoqlagan xodimlarga alohida eʼtibor mavjud va ular koʻp joylarda yaxshi maosh evaziga ishga taklif qilinadi. Quyida PhD bosqichida oʻqimoqchi boʻlganlar uchun xorijiy universitetlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan mashhur grantlar bilan tanishasiz:

  • Oksford universitetida magistratura va doktorantura bosqichini istalgan sohada oʻqish uchun 200 oʻrinli toʻliq moliyalashtiriladigan Clarendon granti.
  • Dunyoning top universitetlaridan biri boʻlgan Markaziy Yevropa universitetida doktoranturani oʻqish uchun CEU Doctoral Scholarships dasturi. Oylik stipendiya miqdori — 1,680 yevro:
  • Germaniyada PhD darajasini olish uchun uchun xalqaro Maks Plank instituti tomonidan toʻliq moliyalashtiriluvchi dastur.
  • Buyuk Britaniyada doktorantura va magistraturada oʻqish uchun xarajatlari toʻliq qoplanuvchi stipendiya dasturi — Gates Cambridge Scholarship.
  • Hong Kong PhD Fellowship Scheme — Gonkongdagi universitetlarda PhD darajasida oʻqish uchun stipendiya dasturi; yillik stipendiya — $43430.
  • Dunyoning yetakchi universitetlaridan biri boʻlgan University of Liverpoolda 64 sohadan biri boʻyicha grant asosida PhD kurslarida o'qish imkoni.
  • Avstraliyaning Melburn universitetida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish uchun toʻliq moliyalashtiriladigan Graduate Research Scholarships grant dasturi

PhD uchun yanada koʻproq grantlar bilan GrantGO.uz saytida, bu yerda tanishingiz mumkin.

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar