Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq Toshkent viloyatidagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar doirasida bajariladigan amaliy loyihalar tanlovining 60-turini quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qiladi:
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarori hamda “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 27-avgustdagi 545-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.
Tanlov mavzulari Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi oʻrtasida 2021-yil 7-dekabrda imzolangan Toshkent viloyatida hududiy ilmiy dasturlarni ishlab chiqish hamda ilmiy loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum asosida shakllantirilgan.
Tanlovda faqat tanlov yoʻnalishlarida Toshkent viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan ilmiy tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy/innovatsion faoliyat subyektlari ishtirok etishlari (loyiha taqdim etishlari) mumkin.
Tanlov shartlari haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olishingiz mumkin.
Tanlov shartlari va qay tartibda oʻtkazilishi haqida batafsil ushbu havola orqali bilib olish mumkin.
Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi va soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
Elektron roʻyxatdan hamda dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning toʻliqligi, haqqoniyligi va ishonchliligi hamda ilmiy loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish salohiyati, loyihada rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi ijrochi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovlar natijalarni aniqlash boʻyicha interfaol xizmat” sahifasi, shuningdek www.mininnovation.uz veb-saytidagi “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998-90 989-92-94.