Umumiy maʻlumotlar
Yangi formatdagi “Universe” volontyorlar maktabining 1-mavsumi saralash jarayonlariga start berildi. Ushbu loyiha orqali shaxsiy rivojlanish istagida boʻlgan yoshlarga 2 oylik oʻquv kurslari va amaliyot dasturlari tashkil etiladi. Darslar 1-iyundan 31-iyulga qadar davom etadi. Dars vaqtlari asosan kunning 2-yarmida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Imtihon jarayonlari 4 bosqichdan iborat boʻlib, loyihada faqatgina eng kuchli 50 nafar yosh tahsil oladi. “Universe” volontyorlar maktabi 3 yillik tajribaga ega, volontyorlik va shaxsiy rivojlanishga oid koʻnikmalarni shakllantirishga yordam beruvchi loyihadir.
Maktabning eng asosiy maqsadi:
- Oʻzbekiston yoshlarini bir nuqtada bir maqsad yoʻlida birlashtirish;
- Insonlarda shaxs manfaatidan koʻra jamiyat manfaatini ustun qoʻyish immunitetini shakllantirish;
- “Volontyorlik” tushunchasini yoshlar orasida toʻgʻri va keng targʻib qilish;
- Jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, oʻzini oʻzi tashkil etishni, ijtimoiy masʼuliyat, birdamlik, oʻzaro yordam berish va rahm-shafqat tuygʻularini shakllantirishdan iboratdir.
Maʼlumot uchun: Maktab faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar Ishlari Agentligi va Oʻzbekiston Volontyorlar Assotsiatsiyasi tomonidan moliyalashtirmoqda va faoliyatini qoʻllab-quvvatlamoqda. Tashkiliy masalalarda ham aynan mana shu tashkilotlar yordam berishi rejalashtirilgan.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Maqbullik shartlari
- Volontyorlik sohasiga qiziquvchi va shaxsiy rivojlanish istagida boʻlgan barcha oʻzbekistonlik yoshlar qatnashishi mumkin;
- Nomzodning jamoaviy ishlash darajada yuqori boʻlishi va kuchli liderlik qobiliyatini namoyish etishi kerak;
- Quyidagi tillarni bilgan yoshlarga ustunlik beriladi:
- Ingliz tili;
- Nemis tili
- Rus tili;
- Koreys tili;
- Xitoy tili;
- Turk tili;
- Fransuz tili;
- Ispan tili;
- Arab tili.
Eslatma: Maktabga 50 nafar rasmiy ishtirokchilardan tashqari, onlayn taʼlim uchun tinglovchilar ham qabul qilinadi.
Foydali tomonlari
- Dasturda bepul qatnashish mumkin;
- Loyiha soʻngida maxsus sertifikat, nominatsiya va esdalik sovgʻalar beriladi;
- Professional mutaxassislardan yangi koʻnikmalarga ega boʻlish va amaliyot asosida tajriba orttirish imkoniyati;
- Jamoaviy raqobat qilish, tanqidiy va tahliliy fikrlashni shakllantirish, nutq qobiliyatini rivojlantirish mumkin;
- Volontyorlik va shaxsiy rivojlanishga oid koʻnikmalarni shakllantirishga yordam beradi.
Hujjat topshirish
“Universe” volontyorlar maktabi ishtirokchisi boʻlishni istagan yoshlar 4 bosqichdan iborat boʻlgan saralash jarayonlarida ishtirok etishlari lozim:
1-bosqich — “Google form” toʻldirish. Mazkur bosqichda ishtirokchilar “Google form” orqali roʻyxatdan oʻtib, maʼlumotlarini kiritib, berilgan savollarga oʻz dunyoqarashi va fikrlashidan kelib chiqqan holda javob berishi lozim.
2-bosqich — Onlayn suhbat. 1-bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan yoshlar onlayn suhbatdan oʻtkaziladi. Suhbat davomida, asosan, yoshlarning fikrlashiga koʻproq eʼtibor qaratiladi.
3-bosqich — Oflayn suhbat. 2-bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan yoshlar oflayn suhbatga taklif etiladilar. Tashkilotchilar va mutaxassislardan iborat jamoa 3-bosqich saralash jarayonlarini tashkil qiladilar. Bunda yoshlarning jamoada qay darajada ishlashi, oʻzini tutishi va liderlik qobiliyatlari sinovdan oʻtkaziladi.
4-bosqich — “Super final” bosqichi. “Super final” bosqichi — eng soʻngi bosqich hisoblanadi. Mazkur bosqichdan oʻtgan eng koʻpi 50 nafar yosh maktabning rasmiy ishtirokchisiga aylanadi. Yoshlar orasida intrigani saqlash uchun mazkur bosqich sirligicha qolgani maʼqul.
Muhim: Barcha saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan yoshlar (eng koʻpi 50 nafar) maktabning rasmiy ishtirokchilariga aylanadilar.
Qoʻshimcha maʻlumotlar
- Dasturga hujjat topshirish uchun oxirgi muddat: 5-may, 2024-yil;
- Arizalar 2024-yil 6-8-may kunlari koʻrib chiqiladi;
- 2024-yil 9-may kuni ikkinchi bosqichga oʻtgan yoshlar roʻyxati eʼlon qilinadi;
- Qoʻshimcha savollar bilan ushbu Telegram akkauntiga murojaat qilish mumkin.